Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Bezorilik jinoyati

Bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat boʻlib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki oʻzganing mulkiga ancha…

Bezorilik jinoyati

Bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat boʻlib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki oʻzganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bogʻliq holda sodir etiladi. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik deganda, qonunlarga, axloq-odob normalariga, jamiyatda mavjud boʻlgan urf-odat va anʼanalarga hurmatsizlik tushuniladi.
Qonun mazmuniga koʻra, aybdor oʻzining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi lozim. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan jamoat tartibini buzish oʻrtasida sababiy bogʻlanish boʻlishi shart. Sababiy bogʻlanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan jinoyat deb baholanishi lozim.
Bezorilik jinoyati bilan maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlash zarur. Mayda bezorilik tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasida berilgan boʻlib, uning mazmuniga koʻra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli soʻzlar aytish yoki shunday soʻzlar bilan soʻkinish, behayo qiliqlar koʻrsatish yoxud odamlarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqdan-ochiq mensimaslik harakatlarida ifodalanadi.
Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Urish-doʻpposlash deganda, aybdor tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, shaxsning badaniga shikast yetkazmagan holda bir necha zarba berish tushuniladi.
Sovuq qurol yoki shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalarni qoʻllash deganda, aybdorning ular vositasida bezorilik harakatlari davomida jabrlanuvchiga nisbatan tan jarohati yetkazgan yoki yetkazishga harakat qilgan hollar tushunilishi lozim.
Shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalar turkumiga aybdor tomonidan oʻsha maqsadlarda bezorilik harakatlari davomida foydalanilgan har qanday narsalar kiradi.
Bezorilik harakatlari oʻtaketgan behayolik bilan sodir etilgan deb topish masalasini hal etish chogʻida sud ishning muayyan holatlari majmuidan kelib chiqishi hamda sodir etilgan jinoyatning xususiyati, vaqti, joyi va shart-sharoitlarini inobatga olishi lozim.
Xoʻrlash deganda, shaxsga jismoniy jihatdan azob berish yoki uni qiynash tushuniladi.
Qonun mazmuniga koʻra, yosh bola deganda 14 yoshga toʻlmagan shaxs, qariya deganda 55 yoshdan oshgan ayol va 60 yoshdan oshgan erkak, nogiron deganda esa, belgilangan tartibda I, II, III guruh nogironi yoki bolalikdan nogiron sifatida tan olingan shaxs tushuniladi.
Ojizlik, jabrlanuvchining jismoniy yoki ruhiy nosogʻlomligi tufayli jinoyatchiga qarshilik koʻrsata olmasligida, oʻz huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini himoya eta olmasligida, shuningdek kutilayotgan xavfdan saqlana olmasligida namoyon boʻladi.
Jinoiy harakatni ushbu band bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdor shaxs jabrlanuvchining yosh bolaligi, qariyaligi, nogironligi yoki ojiz ahvolda ekanligini anglab yetgan boʻlishi talab etiladi.
Agar bezorilik harakatlarini toʻxtatish chorasini koʻrayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish paytida ishlatilgan zoʻrlik natijasida aybdor tomonidan yana boshqa ogʻir jinoyat sodir etilgan boʻlsa, bu hol bezorilik jinoyati tarkibi bilan qamrab olinmaydi.Mazkur turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladilar.

Jinoyat ishlari boʻyicha Shoʻrchi tuman sudining sudyasi Sh.Qodirov

Mavzuga oid