Manzilli ishlash oʻz samarasini bermoqda
Barchamizga maʼlumki soliq xodimlari mahalla yettiligi tarkibiga kiritilib, soliq toʻlovchilar bilan manzilli ishlash yoʻlga qoʻyildi. Denov tumanidagi 98 ta mahallaga 33 nafar soliq inspektori biriktirilgan boʻlib, avgust oyi…
Barchamizga maʼlumki soliq xodimlari mahalla yettiligi tarkibiga kiritilib, soliq toʻlovchilar bilan manzilli ishlash yoʻlga qoʻyildi.
Denov tumanidagi 98 ta mahallaga 33 nafar soliq inspektori biriktirilgan boʻlib, avgust oyi yakuniga koʻra tumanning “Loʻpon”, “Istiqlol yulduzi”, “Chashmasor” hamda “Oʻzbekiston” mahallalari soliq inspektori Mansurbek Qodirov viloyatda eng yuqori natijani qayd etdi va Soliq qoʻmitasi Raisining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
“Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida baholash natijalariga koʻra 2024-yilning mart oyidan buyon 90 balldan yuqori natijani (mart 95,8%, aprel 92,4 %, may 96,4%, iyun 100%, iyul 92,3%, avgust 100%.) qayd etayotgan qahramonimiz avgust oyini ham 100 ballik koʻrsatkich bilan yakunladi.
-Faoliyatimdagi yuqori samaradorlik koʻrsatkichi soliq toʻlovchilar bilan bevosita muloqotlar natijasi deb oʻylayman, – deydi 10-hudud soliq inspektori Mansurbek Qodirov. – Aholi va tadbirkorlar oʻrtasida doimiy tarzda soliqlarning davlat va jamiyat rivojidagi muhim oʻrni, noqonuniy tarzda savdo va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanish, tovar aylanmasi yoki xodimlar sonini yashirish kabi qonunga zid xatti-harakatlarning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib boraman. Natijada soliq toʻlovchilar oʻz majburiyatlarini bajarishga, shaffof faoliyat yuritishga harakat qilishayapti. Misol uchun joriy yilning yanvar-avgust oylarida menga biriktirilgan hududdagi 22 ta xoʻjalik yurituvchi subʼektning tovar aylanmasi (10,2 mln soʻmga) oshirilib, qoʻshimcha 19,7 mln soʻmlik AOS toʻlanishi taʼminlandi. AOS boʻyicha avgust oyi prognoz rejasi 203,8 foizga bajarildi.
Soliq toʻlovchilarning 12 ta koʻchmas mulk obʼektlari aniqlanib, ular boʻyicha qoʻshimcha 2,8 mln soʻm soliq hisoblandi.
Jismoniy shaxslar oʻrtasida boʻsh turgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan olib borilayotgan targʻibot va tushuntirish ishlari natijasida oʻtgan oyda 3 ta boʻsh turgan yer maydonidan foydalanish yoʻlga qoʻyildi va 5 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Xatlov natijasida noqonuniy faoliyat koʻrsatayotgan 23 ta subʼekt va 3 ta dehqon xoʻjaligi roʻyxatdan oʻtkazildi.
13 ta korxonada norasmiy ishlayotgan 21 nafar ishchi-xodim faoliyati qonuniylashtirildi va ularga hisoblangan ish haqidan 2,6 mln soʻm qoʻshimcha daromad soligʻi hisoblandi.
9 ta vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik subʼekti faoliyati tiklandi.
Mahalla yettiligi bilan birgalikda 830 nafar fuqarolar oʻzini oʻzi band qildi. Ulardan 285 nafar tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliq hisobidan byudjetga 69 mln 632 ming soʻm qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltirildi. Ahamiyatlisi, daromad topish istagida oʻzini oʻzi band qilganlar, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish niyatida tadbirkorlik subʼekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmoqda. Birgina avgust oyida 3 nafar oʻzini oʻzi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
“Loʻpon”, “Istiqlol yulduzi”, “Chashmasor” hamda “Oʻzbekiston” mahallalarida 4772 nafar yer va mol-mulk soligʻi toʻlovchilari boʻlib, avgust oyida ularning soni yana 12 taga koʻpaydi. Xatlov ishlari natijasida 6 ta turar joy va 6 ta yer maydoni roʻyxatga olinib, 2 mln 750 ming soʻm soliq hisoblandi.
Shu tariqa oʻtgan 8 oy davomida mazkur hududlarda 25,1 mln soʻmlik qoʻshimcha manba aniqlandi.
Soliq inspektorlarini mahalla yettiligi tarkibiga kiritishdan koʻzlangan maqsad ham ayni shu – mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga, oʻzini oʻzi band qilganlarga kichik biznes toifasiga oʻtishga koʻmaklashish hamda past quvvatda ishlayotgan va faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan subʼektlarga faoliyatini tiklash va kengaytirishga yaqindan yordam berishdir.