Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

ODAM SAVDOSI JINOYaTI TUShUNChASI, UNING SALBIY OQIBATLARI MAZKUR JINOYaTNING OLDINI OLISh ChORALARI

Odam savdosi insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biridir. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar oshib borishi tendentsiyasi bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatning demokratik…

ODAM SAVDOSI JINOYaTI TUShUNChASI, UNING SALBIY OQIBATLARI MAZKUR JINOYaTNING OLDINI OLISh ChORALARI


Odam savdosi insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biridir. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar oshib borishi tendentsiyasi bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatning demokratik negizlariga tajovuz qilishi bilan milliy xavfsizlikka ham tahdid soladi.
Oʻzbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash toʻgʻrisida»gi Konventsiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konventsiyasini toʻldiruvchi «Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qoʻyish va uning uchun jazolash haqida»gi Protokolni ratifikatsiya qildi, «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida» Qonun qabul qilindi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli oʻzgartirishlar kiritdi.


Oʻzbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari boʻlib, ularni taʼminlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.
Qonunda odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi shaxs erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasi mazmuniga koʻra, odam savdosi deganda, odamni olish-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tushuniladi.


Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi toʻgʻrisida yozma yoki ogʻzaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday koʻrinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.
Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan soʻng topshirish sharti bilan sotishga vaʼda berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati boʻlmagan hollarda uning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi, oluvchining harakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.


Olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish, topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi.
Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar boʻyicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud boʻlmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.


Odamni ekspluatatsiya qilish boshqa shaxslar fohishabozligidan foydalanish yoki boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiyani, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlar, erksizlik holati yoki odam aʼzolari yoki toʻqimalari olinishini anglatadi.
Fohishabozlikda foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi.
Majburiy mehnat biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashni anglatadi. Harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

Qullik — oʻziga nisbatan mulk huquqiga xos ayrim yoki barcha huquqlar amalga oshirilayotgan shaxs ahvoli yoki holatini anglatadi.
Erksizlik holati — shaxsning muayyan omillar majmui taʼsiri ostida oʻz erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur boʻlganligini anglatadi.
Odam savdosiga oid ishlarni tergov qilish yoki koʻrishda tergov organlari va sudlar quyidagi tushunchalarni aniq farqlashlari lozim:
yollash deganda, ekspluatatsiya qilish maqsadida odamni biror-bir faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya obʼektini qidirish, toʻplash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi;
tashish — shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Bunda yetkazib beriladigan shaxs odam savdosini amalga oshirish uchun moʻljallanganligi tashuvchiga oldindan maʼlum boʻlishi lozim.

Tashish bitta aholi punkti doirasida ham, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqish bilan bogʻliq tarzda ham amalga oshirilishi mumkin;
topshirish — odamni boshqa shaxsga ekspluatatsiya qilish maqsadida jismoniy tarzda berishda ifodalanadi;
yashirish — jabrlanuvchini hokimiyat vakillaridan, qarindoshlaridan yoki uning taqdiridan manfaatdor boshqa shaxslardan har qanday joyda xufiya saqlashda ifodalanadi;
qabul qilish — odamni oʻz maqsadlarida ekspluatatsiya qilish uchun egalikka olish (masalan, hadya tariqasida, vaqtincha tekin foydalanish uchun yoki qarz evaziga va h.k.) ni anglatadi, odamni sotib olish hollari bundan mustasno.


Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal boʻlib, jinoyat odamni olish-sotish bitimi tuzilgan paytdan yoki qonunning mazkur moddasida koʻrsatilgan boshqa qilmish sodir etilgan paytdan tugallangan hisoblanadi.
Shuni inobatga olish lozimki, ayrim hollarda jinoyatning tugallanish payti ekspluatatsiya tugagan (masalan, jabrlanuvchi qochib ketgan, jinoyatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan barham berilgan, jabrlanuvchi aybdorning oʻzi yoki boshqa shaxslar tomonidan ozod qilingan va h.k.) vaqt bilan bogʻliq boʻladi.


J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi

Mavzuga oid