SURXONDARYoDA YuQORI TOIFADAGI TADBIRKORLAR SAFI KENGAYMOQDA
Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik subʼektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan joriy yilning 1 fevralidan eʼtiboran tadbirkorlar faoliyatini baholab boruvchi barqarorlik…
Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik subʼektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan joriy yilning 1 fevralidan eʼtiboran tadbirkorlar faoliyatini baholab boruvchi barqarorlik reytingi joriy etilgandi.
Amaliyotga tatbiq etilgan mazkur reytingning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish hamda mavjud mezonlar bilan tanishtirish borasida Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda.
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida faoliyat yuritib kelayotgan qogʻozni qayta ishlash korxonasida Xitoy texnologiyasi asosida yiliga 1 ming 500 tonnaga yaqin 15 xil turdagi qogʻoz masulotlari ishlab chiqariladi. 650 ming Amerika qoʻshma shtatlari dollari miqdorida bank krediti hamda 1 mlrd 500 mln soʻm miqdorida tadbirkorning oʻz mablagʻi hisobidan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan mazkur korxonada 27 nafar fuqarolarning doimiy bandligi taʼminlangan.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan qogʻoz mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda talab tobora ortib bormoqda. 2024 yilning shu davriga qadar korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 70 foizi Afgʻoniston Respublikasiga eksport qilingan boʻlsa, ichki bozorda sotilgan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 2 mlrd ni tashkil etdi.
Bundan bir necha oy oldin oʻrta toifada boʻlgan “Surxon qogʻoz qayta ishlash” masʼuliyati cheklangan jamiyati bugun barqarorlik reytingida eng yuqori toifaga koʻtarilib soliq imtiyozlaridan samarali foydalanmoqda.
– Tadbirkorlarning faoliyatlarini baholovchi barqarorlik reytingi joriy etilgan dastlabki oylarda bizning korxonamiz oʻrta “BB” toifasida edi, – deydi “Surxon qogʻoz qayta ishlash” MChJ rahbari Rustam Neʼmatullayev. – Bizga biriktirilgan soliq inspektori doimiy tarzda qaysi mezonlar boʻyicha yetarlicha ball olmaganimiz, umumiy ballni koʻtarish uchun nimalarga eʼtibor qaratishimiz kerakligini tushuntirib borardi.
Biz “AAA” toifasiga koʻtarilishga harakat qildik va buni uddasidan chiqdik. Mana shu davrda soliq majburiyatlari bilan bogʻliq bilimlarimiz ham ortdi. Avvallari qoʻshilgan qiymat soligʻidan hosil boʻlgan salbiy farq summasini 1 oy muddatda, tekshiruvlardan soʻng olgan boʻlsak, “AAA” toifasiga koʻtarilgandan keyin birgina oktyabr oyining oʻzida umumiy qiymati 534 million soʻm boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻidan ortiqcha toʻlovni hech qanday arizalarsiz, tekshiruvlarsiz, salbiy farq summasini hisobotda koʻrsatish orqali 1 kun muddatda qaytarib oldik.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, korxonabay tizimi asosida viloyatdagi 9 ming 600 ta korxonaga 48 nafar soliq inspektori biriktirilgan boʻlib, ular oʻzlariga biriktirilgan tadbirkorlik subʼektlariga soliq majburiyatlarini toʻgʻri va oʻz vaqtida bajarish, mavjud muammolariga yechim topish, shuningdek, barqarorlik reytingidagi darajasini oshirishda koʻmaklashib kelmoqda.
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi Matbuot xizmati