Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Tadbirkorlar uchun navbatdagi soliq imtiyozlari

Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasida umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida soliq qonunchiligiga oid soʻnggi yangiliklar va oʻzgarishlarga bagʻishlangan oʻquv seminar tashkil…

Tadbirkorlar uchun navbatdagi soliq imtiyozlari

Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasida umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida soliq qonunchiligiga oid soʻnggi yangiliklar va oʻzgarishlarga bagʻishlangan oʻquv seminar tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy ovqatlanish, mehmonxona va turoperatorlik xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlarini ragʻbatlantirish va ularning qonuniy ishlashi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tadbirkorlik subʼektlariga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

2024 yilning 1 oktyabridan turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlariga — byudjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining 20 foizi qaytarilishi, bunda turoperatorlik xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlari tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun chet el valyutasidagi tushumlar barcha tovarlarni va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamida 80 foizini tashkil etishi kerakligi qayd etildi.

2025 yil 1 yanvardan umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlariga ularning oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmasining naqd pulsiz qismi miqdoriga qarab toʻlangan QQSning 40 yoki 20 foizi qaytarilishi tushuntirildi.

Maʼlumot uchun Surxondaryo viloyatida 686 ta umumiy ovqatlanish, 79 ta mehmonxona va 61 ta turoperatorlik xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subʼektlari faoliyat yuritmoqda.

Seminarda shuningdek soliq qonunchiligiga oid soʻnggi normativ-huquqiy hujjatlar, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimachalar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.

Mavzuga oid