“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-89-sonli Farmoni mazmun…
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-89-sonli Farmoni mazmun mohiyati xususida
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari zamirida avvalo, inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatli taʼminlash kabi ezgu maqsadlar mujassam.
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi printsipini amalda taʼminlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida:
jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanktsiya berish masalasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqilishi tartibini joriy etish;
jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini kiritish;
tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini berish;
tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuqori instantsiyalarda qayta koʻrib chiqishning amaldagi tartibini saqlab qolish;
qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish;
qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlash;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yoʻli bilan samarali himoya qilish kabi vazifalar belgilandi.
Alohida taʼkidlash kerakki, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanktsiya berish masalalari — qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatmalarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi. Shuningdek, tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda. Bu orqali jinoyat ishlari boʻyicha birinchi instantsiya sudi sudyalari oʻrtasida ish hajmi mutanosibligi taʼminlanadi.
Eng muhimi, tergov sudyasi faqat qonunga boʻysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Sud-huquq tizimidagi bu muhim oʻzgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Jinoyat ishlari boʻyicha
Shoʻrchi tuman sudining sudyasi Sh.Qodirov