Turkiyaning atirgul bogʻi – Isparta
Atirgulning tarixi Insonlarning kundalik hayotida juda alohida oʻrin tutgan atirgul, sevgi, goʻzallik, muhabbat va hurmat ifodasini eng goʻzal tarzda oʻzida mujassam etgan guldir. Shimoliy yarimsharning oʻsimligi xisoblangan…
Atirgulning tarixi
Insonlarning kundalik hayotida juda alohida oʻrin tutgan atirgul, sevgi, goʻzallik, muhabbat va hurmat ifodasini eng goʻzal tarzda oʻzida mujassam etgan guldir.
Shimoliy yarimsharning oʻsimligi xisoblangan atirgulning asl kelib chiqish vatani Sharqiy Osiyodir. Aniq boʻlmasada, atirgul yogʻi va suvining dastlab Eron yoki Hindistonda ishlab chiqarilgani, soʻngra Anadolu, Yevropa, Shimoliy Afrika va Sharqiy Osiyoga tarqalgani maʼlum.
Qazilmalarga koʻra, atirgulning yer yuzida mavjudligi kamida 35 million yillik tarixga ega. Atirgulning insoniyat tarixidagi oʻrni va ahamiyati kamida 5000 yillik rang-barang tarixga asoslanadi.
Oʻzining vatani Sharqiy Osiyodan dunyoning boshqa hududlariga savdo yoʻli bilan yetib borgan atirgul oʻzining goʻzal hidi va shifobaxshligi bilan qadimdan turli rivoyatlarga sabab boʻlgan va xushboʻy hidining shaydolari uchun ajralmas gul hisoblanadi. Darhaqiqat, atirgul bogʻlari qadimgi davrlarda finikiyaliklar, yunonlar va rimliklar uchun bugʻdoy dalalari va bogʻlar kabi muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Tarixda atirgul hidining uzoq muddat saqlanib qolishini taʼminlash uchun qilingan birinchi usul qadimgi davrlarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston va Xitoy kabi tsivilizatsiyalar tomonidan qoʻllanilgan moylar bilan makeratsiya (atirgul gullarini maʼlum vaqt davomida mazkur yogʻlarda saqlash usuli) edi. Keyin miloddan avvalgi 3500 yilda kashf etilgan suv bilan ekstraktsiya usuli (atirgul gullarini maʼlum usullar bilan suvga solib, keyin bu suvni filtrlash orqali ishlatish) qoʻllanilgan. Keyinchalik, miloddan avvalgi 50 yillarda esa insoniyat tomonidan kashf etilgan “ruhni ushlash” usuli, yaʼni distillash orqali olingan mahsulotlar paydo boʻldi va bu atirgul suviga aylandi. Oxirgi bosqichda bu atirgul suvidagi xushboʻy moy zarralarini toʻplashga harakat qilinib, atirgul moyi olina boshlandi. Ispartada atirgul yetishtirishning boshlanishi Ispartada atirgulning ming yillarga borib taqaladigan qadimiy, chuqur ildiz otgan tarixi yoʻq. Isparta atirguli atiga 150 yillik tarixga ega. Ispartadan avval atirgul yetishtirish Burdur, Denizli va Chal mintaqalarida amalga oshirilgani maʼlum.
Yalvach tumanidan Isparta shahriga koʻchib kelgan Meydanbeyogʻli Mehmet Izzetning oʻgʻli Ismoil Afandi atirgulni bu shaharga olib kelgan. Buning juda qiziqarli hikoyasi bor.
Ismoil afandi yaxshi madrasa taʼlimi olib, oʻzini doimo takomillashtirib, dunyoqarashi keng inson boʻlib voyaga yetadi. Ismoil afandining birinchi savdo korxonasi toʻquvchilik boʻlib, turli ustalardan olgan bilimlari bilan qurgan toʻquv dastgohlari tufayli bu kasb tezda Isparta va Burdurga tarqaladi va koʻp odamlar bu kasbni oʻrganadilar. 1889 yilda Bolgariyaning Qizanlik tumanidan Denizlining Chal tumaniga kelgan bir kishidan atirgul gulidan moy olish usulini oʻrgangach, bu inson bilan xat yozishadi va atirgul haqida keng maʼlumotga ega boʻladi. Ismoil afandi qoʻshni Burdur, Denizli va Chal tumanlariga sayohatga borib, u yerga atirgul ekib katta daromad qilinayotganini oʻz koʻzlari bilan koʻradi. Shundan soʻng Ispartada atirgul yetishtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirishni boshlaydi. Ilk davrlarda atirgulni yaxshi yetishtirishiga qaramasdan, atirguldan moy olish usulini bilmagani uchun muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
Ismoil afandi bu muvaffaqiyatsizliklarga qaramasdan, ishlashda davom etdi. Muvaffaqiyatsizligining sabablarini tahlil qilib, soʻrab surishtirdi, bilmaganini oʻrgandi. Koʻplab sinov va tajrinalar oʻtkazdi va nihoyat, atirguldan moy olish usulining eng nozik detallarigacha bilib oldi.
Ismoil afandi kelgusi yil hosiliga yaxshi tayyorgarlik koʻrdi. Qishning sovuq, qorli kunlari oʻtib, bahor kelishi bilan Ismoil afandi atirgul bogʻi koʻrkamlashdi. May oyining birinchi haftasida ob-havo isishi bilan bogʻ katta katta bargli pushti atirgullarga burkandi. Bu atirgullarning gul yaproqlarini qoʻlda toʻplash uchun yuzlab ishchilar bir oy mobaynida atirgul dalasidan chiqmadi. Gul mavsumi taxminan bir oy davom etdi. Gulchi Ismoil afandi ham bu imkoniyatdan foydalandi, ming bir mashaqqat bilan yetishtirishga erishgan sof “Atirgul yogʻi” va “Atirgul suvi”ni yaxshi narxga sotdi. Birinchi boʻlib, qarzlarini toʻladi, keyin yangi uy-joy qurdi, uni jihozladi. Lekin, atirgul sotib topgan pullari tugamadi. U esa buni isrof qilmay, pulni atirgul dalalarini kengaytirishga sarfladi.
“Atirgulchilikda yaxshi pul bor ekan!”
Ispartaliklar Ismoil afandi tajribasidan Isparta zaminining atirgul yetishtirishga juda mos ekanligini bilib oldilar. Atirgulning yaxshi pul olib kelishini koʻzi bilan koʻrgandan xalq, “Dalalarimizga atirgul ekaylik, atirgulchilikda yaxshi pul bor ekan!” — deya boshlaydi. Gulchi Ismoil afandi hasad qilmadi va atirgul ekmoqchi boʻlganlarga yordam berdi. Bir necha yil ichida hamma dalalarga atirgullar ekilib, Isparta shahri atirgulzorlarga aylandi. Shundan soʻng Isparta atirgul yetishtirish bilan mashhur boʻlib, atirgulchiligi bilan ham tanildi. Atirgul moyi 1870 yillarning boshida Bolgariyadan koʻchib kelganlar tomonidan Anadoluga olib kelingan boʻlsa, Ispartada 1892 yilda atirgul moyi ishlab chiqarish Muftuzade Ismoil Afandi ismli shaxs tomonidan yoʻlga qoʻyildi. Ismoil Afandi tomonidan retort deb nomlangan oddiy va ibtidoiy qozonlarda ishlab chiqarila boshlangan atirgul moyi ishlab chiqarish uzoq yillar davomida shu usul bilan davom etdi. Bu tarzdagi atirgul moyi ishlab chiqarish Mustafo Kamol Otaturkning Isparta shahriga kelganida bergan koʻrsatmasiga binoan 1935 yilda “Iqtisodiyot vazirligi” tomonidan zamonaviy atirgul moyi zavodining tashkil etilishi natijasida sanoat darajasiga chiqarildi. 1958 yilda Gulbirlik tomonidan tashkil etilgan Islomkoʻy atirgul yogʻi zavodi va 1976 yilda tashkil etilgan boshqa atirgul moyi zavodlari bilan turk atirgul ishlab chiqarish va atirgul moyi ishlab chiqarish usuli oʻzgardi. Bugungi kunda qishloq tipidagi atirgul yogʻi ishlab chiqarish oʻz oʻrnini sanoat gul yogʻi ishlab chiqarishga butunlay boʻshatib berdi. Isparta viloyati, ayniqsa, atirgul moyi va atirgul mahsulotlari uchun Turkiyada muhim markazga aylandi. Viloyatda atirgulni qayta ishlovchi mahalliy va xorijiy korxonalar koʻpaydi. Hozirgu kunda viloyatda «Gulbirlik» va xususiy muassasalarga qarashli jami 15 ta atirgul moyi zavodi ishlab turibdi. Isparta atirgulining xususiyatlari Dunyoda 1350 ga yaqin atirgul turlari mavjud boʻlib, shularning 24 turi Turkiyada yetishtirilayotgan boʻlsada, atirgul moyi olish uchun ishlatiladigan tur “Rosa damassena Mill” xisoblanadi. Rosa damassena navlari koʻp boʻlsada, ayniqsa «Trigintipetale» navi Bolgariya va Turkiya, Marokash, Misr, Eron, Suriya, Hindiston va Kavkazda gul yogʻi olish uchun yetishtiriladi. Rosa damassena; yaʼni Isparta atirguli, pushti moyli atirgul, moyli atirgul, saqich atirgul va Damashq atirguli nomi bilan ham tanilgan, pushti rangli, yarim qatlamli va kuchli hidli, qishga chidamliligi yuqori, koʻp yillik, tikanli oʻsimlikdir. Rosa damassena oʻsimligining boʻyi 1,5-3 metrgacha yetadi. Tsilindrsimon, toʻla, tanasi jigarrang va shoxlangan, shoxlari koʻplab katta-kichik qattiq tikanlar bilan oʻralgan, barglari yumshoq va mayda tuklar bilan qoplangan. Atirgul yaproqlarinin kattaligi 3-4 sm, ovalsimon, chetlari oddiy tishli, pastki yuzasi tukli. Gullari biroz osilgan, och yoki toʻq pushti rang boʻladi. Atirgulning foydalari Atirgul yogʻi anʼanaviy tibbiyotda dori sifatida ishlatilgan. Xalq tabobatida atirgul suvi, atirgul pastasi va gul yogʻi sifatida qayta ishlangan atirgul; bosh ogʻrigʻi, isitma, hushidan ketish, oshqozon ogʻrigʻi, koʻzdan qon ketishi kabi kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Isparta viloyatida 100 yildan ortiq vaqtdan beri moyli gul (Rose Damessana) va atirgul moyi ishlab chiqarilmoqda. Bu xususiyati bilan Isparta “Atirgullar diyori” deb ataladi. Ispartadagi atirgul yetishtiruvchilarni birlashtirgan Gulbirlik, 1954 yilda 9 ta taʼsischi birlik kooperativlari tomonidan tuzilgan Kooperativlar Ittifoqi sifatida tashkil etilgan. Gulbirlik, hozirda 6 ta kooperativ, 8000 ta ishlab chiqaruvchi hamkor, 8 ta atirgul moyi zavodini oʻz ichiga oladi. Gulbirlik bu sohada Turkiya va dunyoning eng yirik ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi firmasi boʻlib, har kuni mavjud korxonalarda 360 tonna atirgul guli qayta ishladi, turk va jahon standartlariga mos mahsulot ishlab chiqaradi.
Dunyo parfyumeriya va kosmetika sanoatining yetakchi kompaniyalarining atirgul yogʻiga boʻlgan ehtiyojlarini haligacha qondirayotgan «Gulbirlik» bu sohada oʻz mavqeini saqlab kelmoqda va rivojlantirmoqda. Bundan tashqari, Gulbirlik 1998 yil boshida kosmetika ishlab chiqarishni boshlagan.Parfyumeriya va kosmetika sanoatining eng muhim va qimmat xom ashyolaridan biri boʻlgan atirgul moyi pushti moyli atirgullarni bugʻda distillash usuli bilan qaynatish orqali ishlab chiqariladi. Jahon darajasidagi atirgul moyi dengiz sathidan 1050 metr va undan yuqori balandlikda joylashgan Isparta va atrofida yetishtiriladigan atirgullardan olinadi. Atirgullar har yili may-iyun oylarida yigʻib olinadi. Fermentatsiyadan oʻtmagan, rangi va oʻziga xos tuzilishini oʻzgartirmagan oʻta yangi pushti atirgullarni ekstraktsiya usuli bilan qayta ishlash natijasida qaymoqsimon, quyuq olchasimon rangli qattiq gul moyi olinadi. Qattiq atirgul moyi arfyumeriya va kosmetika sanoatining xom ashyolarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladi. Atirgul yogʻini ishlab chiqarish jarayonida olingan yogʻli suvni distillangan, toza va issiq suv bilan bir-bir nisbatda aralashtirish natijasida atirgul suvi olinadi. Tabiiy ishlab chiqarilgan atirgul suvi koʻp marta filtrlanadi, shishalarga solinadi, qadoqlanadi va sotuvga chiqariladi. Atirgul suvlari tabiiy boʻlib, tarkibida zararli moddalar boʻlmagani uchun terini oziqlantiruvchi va taranglashtiruvchi xususiyatlari tufayli baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari va shirinliklarda xushboʻy hid sifatida ham qoʻllaniladi.
Dinora Samadova, “Asrnews.uz” veb sayti muxbiri.