Chorshanba, 11-noyabr, 2026 Toshkent +3° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Yurtimizda daraxtlarni kesish va qasddan quritganlik uchun jarimalar oshirilmoqda

Senatning ellik toʻqqizinchi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun…

Yurtimizda daraxtlarni kesish va qasddan quritganlik uchun jarimalar oshirilmoqda

Senatning ellik toʻqqizinchi yalpi majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Bugungi kunda noqonuniy ov qilish, brakonerlik tufayli hayvonot va nabotot turlari soni tobora kamayib bormoqda. Amaldagi qonunchiligimizda jazo choralarining yengilligi esa brakonerlarga juda qoʻl kelmoqda.

Taklif etilayotgan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qoʻllagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Ogʻirlashtiruvchi holatlarda qoʻshimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun koʻzda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruktsiya qilish yoxud oʻz hududida qoʻshimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital taʼmirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa oʻsimliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.

Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanmoqda.

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlar normalari oʻzaro muvofiqlashtirilib, ushbu qonunlardagi ov quroli, shu jumladan baliq ovlash quroli bilan bogʻliq huquqiy boʻshliqlar bartaraf etilmoqda.

Qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olish orqali biologik resurslarni muhofaza qilishga, daraxt va butalar nobud qilinishining oldini olishga, davlat ekologik nazorati instituti samaradorligini oshirishga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslarni kafolatlangan himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Mavzuga oid