Maqsud Shayxzoda haqida film suratga olinadi
Oʻzbekiston va Ozarbayjon kinoijodkorlari hamkorlikda Maqsud Shayxzoda haqida film suratga oladi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati maʼlum qildi. Unga koʻra, shu kunlarda Ozarbayjonda boʻlib oʻtayotgan…
Oʻzbekiston va Ozarbayjon kinoijodkorlari hamkorlikda Maqsud Shayxzoda haqida film suratga oladi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Unga koʻra, shu kunlarda Ozarbayjonda boʻlib oʻtayotgan “Oʻzbekiston fan va madaniyati kunlari”da Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi va Ozarbayjon Kinematografiya agentligi oʻrtasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, yozuvchi, dramaturg, Maqsud Shayxzoda haqida film yaratish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Memorandum Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi kinematografiya agentligi direktori Oʻrxan Fikret oʻgʻli tomonidan imzolangan.
“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda mamlakatimiz tarixiy shaxslari hayoti va ijodiga bagʻishlangan 50 ta loyihadan iborat “Tirik tarix” turkumi ostida filmlar yaratish tashabbusini ilgari surdi. 7 yilga moʻljallangan dastur loyihasiga kiritilgan filmlardan biri “Maqsud Shayxzoda” qoʻshma kinoloyihasidir. Ishonamizki, ushbu kinomahsulotlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari qalbidan joy oladi va xalqlarimiz oʻrtasidagi umumiy madaniy aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻshadi”, degan Firdavs Abduxoliqov.
Oʻz navbatida Ozarbayjon kinematografiya agentligi direktori Oʻzbekiston kinoijodkorlari bilan hamkorlikda ushbu filmdan tashqari yana boshqa mavzularda ham qoʻshma loyihalar ishlash rejasi borligini maʼlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Tokio-2020 Olimpiadasi gʻolibi, oʻzbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov haqida “Engilmas. Tokioga yoʻl” filmi suratga olinishi haqida Kinematografiya agentligi xabar bergan edi.