Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Markaziy Osiyoda ilk bor. Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida muhim bitim imzolandi

Toshkentda Oʻzbekiston va AQSH hukumatlari oʻrtasida madaniy merosga oid hujjat imzolandi. “Oʻzbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalarida import cheklovlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi bitim…

Toshkentda Oʻzbekiston va AQSH hukumatlari oʻrtasida madaniy merosga oid hujjat imzolandi.
“Oʻzbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalarida import cheklovlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi bitim Oʻzbekiston madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov va AQSHning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik tomonidan imzolandi.
“Ushbu kelishuv Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida muzey ashyolari va madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishining oldini olish va qaytarish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi”, – deydi Bahodir Abdukarimov.
“Bugun tarixiy kun, chunki Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda AQSH bilan madaniy boyliklar toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan birinchi davlat boʻldi. Oʻzbekistondan tashqari dunyoning yana 25 ta mamlakati AQSH bilan shu kabi shartnomalar tuzgan. Madaniy meros, sanʼat va sanʼat asarlarini muhofaza qilish oson ish emas. Shuning uchun ham ushbu kelishuv bugungi kunda juda muhim qadamdir. Oʻzbekistondagi madaniy meros obyektlarini himoya qilish va qayta tiklash uchun AQSH hukumati 1 million dollarni ajratdi. Biz Oʻzbekistondagi madaniy merosni himoya qilish va uning boy tarixini dunyoga namoyish etish borasidagi saʼy-harakatlaringizda hamkor boʻlmoqchimiz”, – dedi Jonatan Henik.
Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabariga koʻra, bitim arxeologik va etnologik materiallarni talon-toroj qilishning oldini olish va maxsus roʻyxatga kiritilgan obyektlarni olib kirishga cheklovlarni belgilaydi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, moddiy madaniy merosni targʻib qilishga qaratilgan qoʻshma koʻrgazmalar oʻtkazishga zamin yaratadi.
Madaniy merosga oid hujjatning imzolanishi Toshkent va Vashington oʻrtasida maʼlum muddat davom etgan muzokaralar natijasidir.
Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston madaniy merosini muhofaza etishga asosan AQSH elchilarining madaniy merosni asrash jamgʻarmasi (AFCP) orqali koʻmak koʻrsatmoqda. Jamgʻarma 2001-yildan buyon Oʻzbekistonda koʻplab loyihalar, jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi tarixiy obidalar va kolleksiyalarni asrab-avaylash hamda taʼmirlash uchun mablagʻ ajratdi.

Mavzuga oid