Chorshanba, 11-noyabr, 2026 Toshkent +3° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

MEN HAYoTGA MUXLISMAN…

Esse Geologlar yer bagʻridan olingan neft yo gaz oʻrnini suv bilan toʻldirishadi. Oʻpirilmasin, yer oʻzini qayta tiklasin, degan maqsad bor bunda. Garchi, bu boʻshliqni oʻsha vaqtning oʻzidayoq havo toʻldirsa-da, qatlam bosimi va…

MEN HAYoTGA MUXLISMAN…


Esse
Geologlar yer bagʻridan olingan neft yo gaz oʻrnini suv bilan toʻldirishadi. Oʻpirilmasin, yer oʻzini qayta tiklasin, degan maqsad bor bunda. Garchi, bu boʻshliqni oʻsha vaqtning oʻzidayoq havo toʻldirsa-da, qatlam bosimi va zichlik talabiga oddiy havo javob bermaydi. Tafakkurimizdagi xotira boʻshligʻi esa eʼti­qod va insoniy darajamizga qarab yo hech qachon toʻlmaydi yoxud joyi bilan yoʻqolib ketadi.
Shukur Xolmirzayev yodi mening shuurimda hamma aziz biladigan, ammo hech kim yashamaydigan, vaqti-vaqti bilan ziyoratga kelib turiladigan tabarruk xonaqodek – oʻrni toʻlmas xotira hujrasi boʻlib qoldi. Bu xotirot binosi u kishi tiriklik chogʻidayoq ongimda qurilgan, marhum boʻlgach, oʻzining oʻrniga qolgan. Bu binoni na men, na Shukur aka barbod etoladi. Tutqich bermas tasavvurimiz shunday qudrati bilan bizni ihotalab, qalblarimizni taroshlab, inson etib turadi. Uning qoshiga rosa oʻn yil avval, sababi koʻproq unga muxlislik tufayli kelganimda, yozuvchining maktab darsligiga kirgan «Oʻzbek xarakteri» va «Zov ostida adashuv» nomli ikkita hikoyasidan bosh­qa hech narsasini oʻqimagandim. Oʻquvchilik, talabalik davrimda ham Shukur aka haqida hech narsa eshitmagan edim. Adashganning oldi yoʻl, deganlaridek bu kishi kim, qanday yozuvchi, yozuvchi degani qanday boʻladi yoki boʻlmogʻi kerak, soʻramay-netmay huzuriga boraversa boʻladimi, toʻgʻrimi shu harakatimiz… Yoʻq-yoʻq, bu mushohadalarning hech qaysisi xayolga kelgani yoʻq. U – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi! Bizga esa Adabiyot kursiga kirish uchun xalq shoiri yoki yozuvchisidan «oq yoʻl» kerak. Bundan ham koʻra bizni yetaklab kelgan vaj – Shukur Xolmirzayevning oʻzimiz bilmagan qandaydir jihatlari edi-yu, bu jihat nimadan iboratligini oʻzimiz bilmasdik. 
Togʻning tepasida oʻtirgan, durbini bor odam, pastda adashib, bir yoʻldan yurib, tanlagan soʻqmogʻi notoʻgʻriligini bilgach, ortiga enib, yangidan yoʻl solib yuksakka oʻrlayotgan kishini koʻrib tursa-da, unga yordam berolmaydi. Pastdan kelayotgan yuksakdagini koʻradi yo borligini biladi, xolos. Yuqoridagining esa ovoz bersa, tovushi yetib kelmaydi yoki aks-sado boʻlib, kelayotganni battar chalgʻitadi. Oʻsha yuqoridagi durbinli odam bizga allaqanday zavqu qiziqish bilan, unday emas, bunday, desa-da, ovozi yetib kelmay, goh gʻijinib, goh tizzasiga shappatilab qarab turardi goʻyo. «Hikoya yozasanmi? Oting nima? Joʻrabek. Goʻsa­la degan tilingdan. Boysundi qaysi koʻchasidansan? Hmm…» «Sen-chi? Sheʼr… Shoir koʻpayib ketdi-ku toza. Yo bosh­qacha shoirmisan? He, koʻchangizdan koʻp oʻtganmiz-da… Erkin akayu Abdullajonlarday odamning koʻk­ragini koʻtaradigan shoirlar doim ham chiqavermas ekan-da…»
Shukur aka bilan ikkinchi marta oradan olti oycha oʻtib tagʻin oʻsha bogʻida koʻrishdim. Doʻrmondagi uychasiga qandaydir sirlilik va joziba berib turgan bu boqqa ilk bahorning qadami allaqachon yetib kelgandi. Shukur aka qoʻlqop kiyib daraxt qaychilardi. Gapiradigan odam topilganidan qoniqish hosil qilib, oʻzi aytgandek «jagʻ qayrashga» tushib ketadigan koʻplab keksalardan farqli oʻlaroq, yonida kimdir borligi va gap berib turishi lozimligi andishasidangina «Mana – bu hosilshox, bunisi behuda…» degandek shunchaki gapirib qoʻyar, qoʻli va nigohi qilayotgan ishida-yu, kayfiyati harakatiga mos emasdek edi. Oʻta muhim, asosiy, xayolini band etgan narsaning oldida men ham, daraxt qaychilash ham shunchaki ahamiyatsizdek, allaqanday parishon tuyuldi. Kelganim yoqmadi, degan ichimdagi hadik sabab, kelganimdan beri biror marta yuzimga qaramagan Shukur aka bilan oʻrtamizda parda tortilgandek boʻldi, xayolimda. Men hayiqib yerga tushgan shox-shabbani tergilayman, u kishi esa qilayotgan ishimga ham beparvo koʻz tashlab qoʻyardi. Azbaroyi, Shukur akaga yoqish istagi zoʻrligidan unga koʻproq Boysun haqida gapirganim esimda. «Nimaga buni Toshkent gilosi deydi. Boysundayam bor-ku? Boysunda archaning isi boʻladi-ya?» mavhum, gapirmasayam boʻladigan, tumtaroq bu gaplarim unga malol kelayotganini sezar va shevamdagi ayrim soʻzlarnigina nigohi va nim tabassumi bilan «terib» olayotganini bilib turarkanman, Shukur aka soʻragan ayrim odamlar nomini ilk bor eshitayotgan boʻlsam-da, «Ha, taniyman, bir marta koʻrganman» deb yolgʻon aytganlarimni, qizigʻi bu gap-soʻzlarning yolgʻonligini Shukur aka bilib turganini tushunar edim. Tushunayotgandim-u, ammo bundan u kishining ranjimayotganidan hayron edim. Ranjimasligi – oʻziga olmasligi, beparvoligi ichimga gʻulgʻula solar edi. Ana shunda Shukur aka ilk marotaba biroz yon berib, oʻziga tortibroq gapirgandek boʻldi. «Manovi nima, bilasanmi? Gul! Hamishabahor degan gul. Sen Qoʻngʻirotdi bolasi buni qayerdan bilasan – qoʻyingga oʻrib berib yuborasan. «Shukur akaning shunday deb kulgani va mening bu gapdan toʻrsa­yib qolganimni sezib, bunga sayin beparvo ohangda oʻzining hamishabahorini maqtab ketgani ham esimda: «Yana biror oydan soʻng mening bu suluvlarim shunday yashnab qoladiki, namozshomda toʻyga joʻnagan boʻy qizlarday boʻlishib…»
Shu kundan boshlab to yotib qolgunlaricha oradan oʻtgan ikki yarim yil mobaynida turli joylarda, vaziyatlarda koʻp marta muloqotda boʻldim. Yozganlaridan koʻra koʻproq xulqidagi oʻziga xoslik meni ohanrabodek tortib turgan Shukur aka bora-bora hayotimda shunday mazmun kasb etdiki, xayolimda «Men va ­Shukur aka», «Adabiyot va Shukur aka», «Toshkent, Boysun va Shukur aka», «Boshqalar va Shukur aka» degan muqim bir qiyosiy hisob paydo boʻldi. Stipendiya olishda hamkurslarimdan uch oy ilgarilab ketdim, sakkiz oylab uyga bormayman. Qibraydagi amakim har koʻrganda gʻijinadi – uyga kel! Dekanimiz Bahodir Karimov yumshoqqina dakki beradi: «Shukur akadan boʻsh paytda darsgayam kep turing». «Ishdan boʻsh paytda» degandek eshitiladi bu gap. Ilk hikoyamni gazetaga tayyorlayotgan Ahmad Otaboyevga beqiliq savollar beraman: «Aytmatov zoʻrmi, Shukur akami? Aytmatov Saxarovni qoralagan-ku! Ham oʻrischada yozgan». «Kim aytdi?» «Shukur aka». «Saxarov kimligini bilasanmi oʻzi?» deb ogʻzimga urishni tabiatan andishali Ahmad aka oʻziga ep koʻrmaydi. Bunday «gʻalati» boʻp qolishimning ikkita sababi bor edi. Biri – hamma biladigan, taniqli yozuvchining «xos kishisi» ekanimni koʻz-koʻzlash boʻlsa, ikkinchisi va hozir yanada teranlashgan sabab – uning adabiyotdan boshqa narsa haqida gapirmasligi edi. Adabiyotning oʻzi bir olam, bu olamning oʻz qonuniyatlari, uning joriy qiladigan hukmu farmonlari, bu qoidalarga amal qiladigan yoki amal qilmaydigan fuqarolari boʻlishini, Adabiyot olami hayot bilan yondosh, uygʻun, ammo ayni paytda alohida bir maʼvo ekanini Shukur aka bilan muloqot qilmay turib aslo anglamagan boʻlardim. Qanchalik kam ang­lagan boʻlsam, oʻz aybim tufayli – u kishini chalgʻitganim, u kishini odamlar orasida koʻrishni, muloqotlariga koʻproq guvoh boʻlishni istaganimdandir. 
Shukur aka butun-butun roman va qissalarni, epos­­larni muxtasar qilib, qaymogʻini aytib berar­di. Muhimi, oʻz xulosasi va oʻzga eʼtiroflarning yolgʻon-chinligini oʻzicha asoslab, izohlab ketardi. Biror marta ham adabiy qilib: «Adabiyot – mening qismatim!» deganini eshitmagan boʻlsam ham, hamma aytar soʻzining mazmuni shu nidodan iboratligini bugun yanada qattiqroq his qilaman. Bozordagi narx-navo, tabiat hodisalari, biror ijtimoiy voqelik, oq-qora koʻrsatadigan televizordagi oddiy xabardan to biror xorij mamlakatidagi saylovgacha – hamma-hammasi Shukur akaning shuurida adabiyot bilan kesishardi.
Shoxdagi qushga devorda pusib turgan mushuk sak­radi. Qush uchib ketib, silkinib turgan shoxga urilgan mushuk muvozanatini yoʻqotdi va chalqanchasiga xalqob suvga tushdi. Men kulib yubordim. Shukur aka esa siniq jilmayib turib shunday dedi: «Mushuk tarixida birinchi marta! Qiziq: tabiat haqida yozganimizda doim uning ustidan kulib yozayotganga oʻxshaymiz. Kim kimdan kulish kerak, kulish kerakmi oʻzi?»
Shukur aka sira «Mening falon hikoyamda…» deb gap boshlamas yoki gapini shunday mazmunda tugatmasdi. Ammo yozayotgan yo yozishni reja qilgan asarini aytib beraverardi. Qahramonlari, ularning xulqi, xatti-harakati, voqealar yakunini zavqlanib soʻzlardi. Tabiatidagi jiddiyat hech qanday behuda va beparda hazilga yon bermasdi. Shu sababli qah-qah urib kulish darajasiga olib keladigan muloqotlar ham juda tagdor, maʼnoli va albatta, maqsadli boʻlar edi. Shunga qaramay, istehzodan, «yalab oʻtuvchi» kinoyadan xoli bir tarzi bor ediki, boshqa birovning Shukur akaga hazil qilganini bilmayman. Shu maʼnoda, Shukur akaning qadrdon shlyapasi nihoyatda xarakterlidir: sinchkov, kuzatuvchan, doimo jiddiy, oʻqdek nigohlar hayotu ijodning rangin kamalagida chalgʻimasligi shart edi! Hanuz, eslagan sayin yuragimni titratib yuboradigan, Shukur akadan minnatdor boʻlishimga tagʻinam asos boʻlgulik bir teran hissiyot qalbimni toʻldirib turadi. Bu – OʻZBEKNING KATTA XALQ ekanini anglashim.
Kechki payt edi. Yunusoboddagi Shukur akaning uyi­da ikkovlon oʻtirgandik. Eshik taqillab, militsiya noziri kirdi va salom berdi. Militsiya xodimi hududda, tor doirada qandaydir tekshiruv boʻlayotgani, shu bois bezovta qilganini uzrxohlik bilan tushuntirdi. Shukur aka qoshini chimirib, men hech qachon eshitmagan gapni aytib yubordi: «Men – professional yozuvchiman. Bu mening shogirdim!» Nozir «Xoʻp, yaxshi oʻtiringlar» dedi-da burilib chiqib ketdi. «Professional yozuvchi», «shogirdim». Shu ikki gap to Shukur aka gapira boshlaguncha soat chalgan zangday miyamda jarang­lab turdi. Shukur aka menga ilkis tikilib qaradi:
– Sen bu gaplarga ishonma! Akang hali «professional»ning «p»siyam boʻlgani yoʻq. Unga shogird chikora. Lekin shunday demasang tushunmaydi-da organning odami, – Shukur aka shunday dedi-da koʻzini yerga oldi. Allaqanday gʻamgin tortib qolgandek koʻrindi koʻzimga. U gapida davom etdi: – Oʻzbek – juda katta xalq. Uning yozuvchisi boʻlish – oʻ-oʻ koʻp qiyin ish…
Oʻzbeklikdan gʻururlanish, shu gʻurur sabab qaddini koʻtarib yurish, shu elning har bir xususiyatiyu boshidagi har bir kuniga tomirdosh, yelkadosh boʻlish degan koʻp bor eshitgan soʻzlarimning asl maʼnosi Shukur akaning shu qisqa nutqida jam edi. Shukur aka vafot etganida «OʻzAS»da shoir Eshqobil Shukurning «Oʻzbekning mardligini kuylagan adib» sarlavhali maqolasi bosilgandi. Topib aytilgan gap!
Shukur aka hayotida koʻpchilik eshitgan, oʻqigan bir voqea bor. «Oʻn uch yoshga toʻlganimda, otam menga miltiq berdi. Erkak boʻlib yurgin, yarogʻ – hamrohing boʻladi, degandi…» Shukur aka ulgʻaygan ellik-oltmish yil avvalgi togʻli Boysun muhitida yosh oʻspirinning qalbiga kirgan bu soʻzlar, eʼtiqodu toʻxtamlar, er kishining xulqida muhim bir sahifa – oriyatning, oʻzlikning eshigini ochgandir, ehtimol. Shu boisdan ham hayotga jiddiy qarashni, ona yerning tabarrukligini, odamzodning mangu qadriyatlari borligi va buni har qanday oʻtkinchi talotumlar yoʻqotib yuborolmasligini teran his etar edi. Qalbidagi kenglikning, hayotga muhabbatning, odamga ishonchning sirini shunda deb bilardi. Chexovni Folknerdan, Xemingueyni Borxesdan, Jek Londonni Sartrdan koʻra koʻproq xushlashining sababi, albatta, «savod» masalasi emas, balki oʻzini tabiatning bir boʻlagi – oʻzni anglamoq hayot va Tangrini his etish, deb real oʻylagani tufayli edi. Bugun juda dolzarb boʻlgan adabiy til meʼyorlari xususidagi ogʻriqlarimiz Shukur aka ijodida namunaviy, tugal shaklda kamolga yetganini anglagan sayin muammoning mahobatiyam, adib ijodiga ehtiyoj ham ortaveradi. Shukur aka juda «toza» yozdi. Sheva soʻzlari, uygʻunlashib paydo boʻlgan yangi soʻz va qoʻshimchalarni uning qahramonlarigina qoʻllardi. Ammo matn­dagi ohor, joziba, yuqumlilik katta mahorat bilan shunday omuxtalashdiki, shevaga xos soʻzlar adabiy tilga juda ravon va tabiiy tarzda sintez boʻldi, singishib ketdi. Til boyidi. Adabiyot daraxti yangi kurtak yordi. Ikki betlik hikoyasidan tortib, yetti yuz betlik «Olaboʻji» romanigacha tilga ehtirom yozuvchining eng muqaddas burchi ekanligini namoyon etaveradi. Bu, albatta, ulkan saboqdir! Shukur aka yaratgan obrazlar hayotdagidan koʻra tirikroq, umrboqiyroq, jonliroqdek tuyulaveradi. Bu qahramonlarning hayotiyligi ham, oʻzi tilga olmasa-da, yangrab turadigan «Adabiyot qismatimdir» degan tutumning va unga eʼti­qodning ulugʻligi tufayli taʼminlandi. Hayotga tikilib turib adabiy metaforalarni koʻra olish, koʻrganlarini idrok va ijod qilish isteʼdodi Shukur akaga hayotning chinakam muhibi boʻlishga kuch berib turdi. Huzurida toʻrt satr sheʼr qoralagan edim va tantanavor tarzda boʻgʻriqib oʻqib ham bergandim: 
Men hayotga muxlisman, yashamoqqa vaqtim yoʻq,
Bunda bari oʻtarkan, bir qarashga vaqtim yoʻq.
Osmon boqiy, yer mangu, hayot abadiy boʻlsin!
Men uchun sen baxtli boʻl, mening esa baxtim yoʻq…
Shukur aka «voh!» dedi-da, qoʻlini havolatdi. Soʻng tilga kirdi:
– Birinchi satr – meniki! Qolganini oʻzing bilasan!
Qolganini nima qilib boʻladi? Toʻrtlik na kitob, na biror matbuotda chiqdi – qolib ketdi. Shukur aka qizi – adabiyotshunos Sayyora opa Xolmirzayevaga yozgan soʻnggi xatida jahonning mashhur adiblari – Tagor, Heminguey, O. Genri kabi yozuvchilardan koʻra, hikoya janrida sermahsul va mazmunliroq ijod qildim, degan soʻzni aytgan edi. Darhaqiqat, Shukur aka milliy nasrimizning hikoya janrida Fozil Iskandar, Sergey Davlatov, Nodar Dumbadze singari realist yozuvchilar yaratgan milliy qubbalarga boʻylashgulik durdona, oʻzbekona asl hikoyalarni adabiyotimiz xazinasiga qoʻsholdi. Adabiyot aql oʻrgatish, ichingdagi maddalagan igʻvolarni shaklga solish, bepardalik qilish vositasi emas, balki, tabiat ato etgan qismatga boʻysunib, soʻz sehrida toblanib sanʼat yaratish, oʻzing mansub boʻlgan elu xalqingga xizmatda turishdir! Shukur Xolmirzayevning niyati shu edi! U, nazarimda, niyatiga yetoldi.
2014-yil

Shodmonqul Salom

Mavzuga oid