Oltinsoylik tadbirkorlar 18,5 mlrd soʻmlik soliq imtiyozlaridan foydalanishdi
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida boʻlib, kichik va oʻrta tadbirkorlik subʼektlari vakillari bilan ochiq muloqotlar oʻtkazmoqda. Tadbirkorlar safini yanada kengaytirish,…
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida boʻlib, kichik va oʻrta tadbirkorlik subʼektlari vakillari bilan ochiq muloqotlar oʻtkazmoqda.
Tadbirkorlar safini yanada kengaytirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishlarini taʼminlash maqsadida tashkil etilayotgan uchrashuvlarda soliq qonunchiligiga oid oʻzgarish va yangiliklar haqida soʻz yuritilib, xususiy sektor vakillarining mavjud muammo va takliflari oʻrganilmoqda.
Viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sherzod Yadgarovning Oltinsoylik tadbirkorlar bilan uchrashuvida ham soliq sohasidagi soʻnggi oʻzgarishlar, xususan Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyotdagi oʻrnini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik subʼektlariga berilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi.
Tadbirkorlarning soliq imtiyozlarini qoʻllash, noturar obʼektlarga mol-mulk soligʻini hisoblash, bank hamda kadastr organlari bilan bogʻliq muammo va takliflari tinglanib, ijobiy hal etish choralari koʻrildi.
Taʼkidlash joizki, Oltinsoy tumani 5 toifadagi hududlar tarkibiga kiritilgan boʻlib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida berilgan soliq imtiyozlari natijasida 2024 yilda tumandagi 3442 nafar tadbirkorlar ixtiyorida 18 mlrd 460 mln soʻm mablagʻ qoldi. Eng muhimi imtiyozlardan unumli foydalanayotgan oltinsoylik ishbilarmonlar tejalgan mablagʻlarni faoliyatlarini rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirmoqda.