Seulda Oʻzbekistonning tarixiy binolari tasviri tushirilgan avtobuslar harakatlanishni boshladi
Avtobuslarga “Oʻzbekistonga marhamat”, “Oʻzbekistonda koʻrishguncha”, “Oʻzbekistonga yoʻl oldik” shiorlari yozib qoʻyildi. Koreya Respublikasi poytaxtining markaziy koʻchalarida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan…
Avtobuslarga “Oʻzbekistonga marhamat”, “Oʻzbekistonda koʻrishguncha”, “Oʻzbekistonga yoʻl oldik” shiorlari yozib qoʻyildi.
Koreya Respublikasi poytaxtining markaziy koʻchalarida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan fotosuratlar tushirilgan jamoat avtobuslari harakatlanmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA .
Oʻzbekistonning turizm salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida yurtimizning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan fotosuratlar tushirilgan jamoat avtobusi Seul shahrining markaziy koʻchalarida oʻz qatnovini boshladi.
Avtobuslarning tashqi tomoniga YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining qadimiy meʼmoriy obidalarining fotosuratlari hamda yurtimizga sayyohlarni taklif etish maqsadida koreys tilida “Oʻzbekistonga marhamat”, “Oʻzbekistonda koʻrishguncha”, “Oʻzbekistonga yoʻl oldik” shiorlari yozib qoʻyildi.
Mazkur avtobuslar joriy yilning iyul oyidan sentyabr oyiga qadar Seul shahrining markazi va mashhur koʻchalari – Kvangxvamun maydoni, savdo markazlari, universitetlar boʻylab harakatlanadi.
Yoʻlovchilardan biri oʻz taassuroti bilan oʻrtoqlashib, avtobusda Oʻzbekistoning goʻzal obidalari aks etgan ushbu shaharlarga tashrif buyurganini yodga olib, yana bir bor mamlakatimizga borish rejasi paydo boʻlganini taʼkidladi.
– Oʻylaymanki, mazkur reklama loyihasi Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlarini Koreyada keng yoyishga koʻmaklashadi, – dedi u. –Oʻzbekiston tarixiy obidalarga juda boy mamlakat hisoblanib, mehmondoʻstligi bilan ajralib turadi. Internet sahifalarida Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston haqida koʻplab maʼlumot va koʻrsatuvlar koʻrganman. Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish qiluvchi ushbu loyiha yurtingizga tashrif buyuruvchi janubiy koreyalik sayyohlar oqimini oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.