Shanba, 14-noyabr, 2026 Termiz +10° USD 12 014,37 EUR 13 280,68 RUB 146,19

Sud-tergov tizimi yangi bosqichda

Keyingi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarni inson manfaatlari uchun ishlab chiqish yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining muhim sharti boʻlib xizmat…

Кирилл
Sud-tergov tizimi yangi bosqichda

Keyingi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarni inson manfaatlari uchun ishlab chiqish yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining muhim sharti boʻlib xizmat qilib kelmoqda.
Mazkur jarayonlarga davlat rivojlanishining ustuvor yoʻnalishi sifatida sud-tergov tizimining ham qamrab olinishi sohaning xalq hayotiga nisbatan keng miqiyosda tatbiq etilishiga zamin yaratib bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni mazkur tizim islohotlarining sifat jihatdan yangi bosqichini boshlab berdi.
Farmon ijrosini taʼminlash, sud-tergov tizimiga oid islohotlarning shaffofligini yanada oshirish muhim omil hisoblanadi.
Jumladan, jinoiy harakatlarning kelib chiqish sabablari, uni sodir etgan shaxs yoki shaxslar oʻrtasida turli xil nizo va kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadida sud sohasida «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimining 2021 yil 1 yanvardan boshlab toʻliq ishga tushirilishi jinoyatga doir ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarning   yagona elektron hisobiga oʻtishi sud va sudlanuvchilar oʻrtasidagi aloqalarning shaffofligiga sharoit yaratib beradi.
Bundan tashqari, farmonda sud-tergov tizimida shaxsning huquq va erkinliklarini oshirish yuzasidan ham bir qator loyihalar oʻz ifodasini topgan. Dunyo tajribasidan ayonki, jinoyatning sabab va oqibatlarini batafsil oʻrganmay turib, gumonlanuvchi shaxsga, avvalo, inson sifatida qarash, tergov jarayonlarini ham shu asosda olib borish, lozim boʻlsa, jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar, nogironligi bor shaxslar hamda nafaqa yoshidagi kishilarning ruhiy va jismoniy holatidan kelib chiqib, ularga nisbatan insoniy tamoyillar asosida odilona sud hukmini chiqarish bugungi sud-tergov tizimining kelgusidagi islohotlari oʻlaroq maydonga chiqadi.
Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi    mamlakatimizda sud-tergov tizimi rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qoʻyadi. Bu esa jamiyatimizni yanada demokratlashtirish, fuqarolar va sudlar hamkorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

J.Xursandov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining sudyasi

Tezkor yangiliklarni Telegramda kuzating
Eng muhim xabarlar birinchi boʻlib sizda
Obuna boʻlish

Mavzuga oid