Oʻzbekistonda yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʻm kredit ajratildi
Prezident raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yigʻilish boshlandi. Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlar bilan ishlash –…
Prezident raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yigʻilish boshlandi.
- Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi Oʻzbekistonni qanday barpo qilamiz? – dedi davlatimiz rahbari soʻzining avvalida.
Oʻtgan davrda yoshlar siyosati boʻyicha ishlarni mahallada tashkil etish boʻyicha mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 400 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor oʻgʻil-qizlardan iborat yoshlar yetakchilari tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyat yaratildi. Oʻtgan yilning oʻzida: - yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion soʻm kredit ajratilib, 150 mingta loyiha ishga tushdi, 325 mingta ish oʻrni yaratildi;
- 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshlar bandligi taʼminlandi;
- 32 mingdan ziyod yoshlarga subsidiya ajratilib, ularga asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berildi.
Yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan: - 130 ming talaba yoshlarga 1,7 trillion soʻm taʼlim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada oʻqishi bepul boʻldi;
- 53 ming nafar ehtiyojmand talabalarga oʻqish uchun kontrakt pullari toʻlandi;
- 81 ming talabaga uy-joy ijara toʻlovi ajratildi, 15,5 ming yoshlarga harbiy xizmat uchun mablagʻ toʻlab berildi;
- 13 ming yoshlarga chet tillari boʻyicha sertifikat olish xarajati toʻlab berildi;
- “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.
Shuncha sharoit yaratilganiga qaramasdan, ayrim hokimlar va vazirlar yoshlar masalalari bilan jiddiy shugʻullanmayotgani, ayniqsa Termiz shahri, Chiroqchi, Kasbi, Urgut, Sherobod, Angor, Uzun, Muzrabot, Amudaryo, Dehqonobod, Oltinsoy, Sharof Rashidov, Asaka, Qamashi, Taxiatosh va Peshku tumanlarida yoshlarning bandligini taʼminlash oqsayotgani tanqid qilindi.