Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Ispaniyada derbi, Angliyada Emeri «Arsenal»dan qasos olmoqchi. Hafta oʻyinlari anonsi Emeri va Isko sobiq jamoalarini sinovdan oʻtkazishadi, Kataloniyaning eng yaxshi jamoasi aniqlanadi, Bundesligada…

Ispaniyada derbi, Angliyada Emeri «Arsenal»dan qasos olmoqchi. Hafta oʻyinlari anonsi Emeri va Isko sobiq jamoalarini sinovdan oʻtkazishadi, Kataloniyaning eng yaxshi jamoasi aniqlanadi, Bundesligada peshqamlar turnirni «qayta…

Ispaniyada derbi, Angliyada Emeri «Arsenal»dan qasos olmoqchi. Hafta oʻyinlari anonsi Emeri va Isko sobiq jamoalarini sinovdan oʻtkazishadi, Kataloniyaning eng yaxshi jamoasi aniqlanadi, Bundesligada…


Ispaniyada derbi, Angliyada Emeri «Arsenal»dan qasos olmoqchi. Hafta oʻyinlari anonsi

Emeri va Isko sobiq jamoalarini sinovdan oʻtkazishadi, Kataloniyaning eng yaxshi jamoasi aniqlanadi, Bundesligada peshqamlar turnirni «qayta boʻlib olish» uchun jangga hozirlanishmoqda. Har hafta boʻlganidek bu safar ham futbol muxlislarini Yevropada ajoyib bahslar kutib turibdi
«Betis» – «Real» (9 dekabr, 20:15, Mahalla telekanali)

«Betis» oxirgi marta sentyabrda «Barselona»ga 0:5 hisobida magʻlubiyatga uchragandi. Oʻshandan oldingi turda esa Bilbaoda 2:4 hisobida magʻlubiyat kuzatilgan. La Liga doirasida shundan keyingi 10 oʻyinda jamoa biror marta ham yutqazgani yoʻq. Toʻgʻri, bu uchrashuvlarning aksariyati – oltitasi durang hisob bilan yakunlangan. Shunday boʻlsa-da, ayni pallada, ayniqsa, oʻz maydonida «Betis» eng xavfli jamoalardan sanaladi.

Oʻsha sentyabrdan buyon barcha musobaqalarda 13 oʻyinni magʻlubiyatsiz oʻtkazayotgan «Real» uchun ham jiddiy sinov boʻlishi shubhasiz. «Betis»ning oʻz maydonidagi oʻyinlar boʻyicha statistikasi olinsa, jamoa 9 uchrashuvdan buyon yutqazmagan. Bundan tashqari, koʻpchilik uchun Iskoning sobiq jamoasiga qarshi oʻyinini kuzatish ham ancha qiziq boʻlsa kerak. Futbolchi Madridni tark etganidan buyon ilk marta «Real» bilan oʻynamoqda.

«Real»da jarohatlar juda koʻp. Anchelotti har qanday vaziyatda turli yoʻllar topib, raqobatbardosh tarkib shakllantirayotganining oʻzi tahsinga sazovor. Ayni paytda Tchuameni, Militao, Kamavinga, Kurtua hamda Vinisius jarohat tufayli safda yoʻq. Arda Gulerning debyuti shu oy oxirigacha kechiktirilgani aytilmoqda. Shunday sharoitlarda ham madridliklar yuqorida tilga olingan seriyani qayd etayotgani, La Liga va YeChLda peshqadam boʻlib turganining oʻzi katta gap.

«Betis»da ham muammolar yetarli. Fekir va Karvalyu yoʻqligiga jamoa muxlislari ham koʻnikib boʻlishdi. Mark Bartra yil oxirida safga qaytadi, Gido Rodriges safda emasligi esa koʻproq sezilsa kerak. Argentinalik tayanch yarimhimoyachisi oʻtgan turda jarohat oldi va yanvargacha tiklanmasligi haqida xabarlar paydo boʻldi. Shuningdek, Ektor Bellerin «Almeriya»ga qarshi oʻyinda olgan qizil kartochkasi tufayli ushbu oʻyinni oʻtkazib yuboradi.
Oʻzaro oʻyinlar borasida tabiiyki, madridliklarning ustunligi katta. Oxirgi 20 oʻyindan atigi toʻrttasida andalusiyaliklarning qoʻli baland kelgan. Oxirgi marta esa bu jamoa «Real» ustidan 2020 yilda gʻalaba qozongandi. Oʻtgan mavsumdagi Sevilyadagi bahsda hisob ochilmagandi.

«Gub ebening». Tugayotgan haftada Angliyadagi eng mashhur ibora. Unai Emeri oʻz vaqtida «Arsenal»ni ham boshqargandi. Kimsan, Arsen Vengerning oʻrnini bosishi kerak boʻlgan mutaxassis tabiiyki, ishonchni oqlay olmagan, maydondagi magʻlubiyatlaridan tashqari, inglizcha talaffuzi ham kulgi boʻlib, memlarga aylanib ketgandi. Ammo agar jamoang gʻalaba qozonib tursa, har qanday kamchilik ham oʻziga xoslik belgisi sifatida koʻrinaverar ekan.
Emeri oʻzi uchun mos, provintsial jamoani topdi. Stiven Jerrard boshqaruvi davrida turnir jadvalida quyi oʻrinlarda yurgan «Aston Villa»ni yevrokuboklarga olib chiqib, endi, ushbu mavsumda YeChL oʻrinlari uchun kurashmoqda. Birminghemliklarning choʻqqisi esa shu hafta, chorshanba oqshomida, Pep Gvardiolaning «Siti»siga qarshi roʻy berdi. «Aston Villa» nafaqat gʻalaba qozondi, balki buni juda ishonchli tarzda, raqibni har tomonlama yengib amalga oshirdi. Darvozaga zarbalar soni 22-2.

Pep Gvardiola murabbiylik tarixida hech qachon bu qadar yaqqol magʻlubiyatga uchramagan edi. Endi Emeri Pepning shogirdi boʻlmish Artetani sinovdan oʻtkazadi. «Aston Villa» oʻz maydonidagi 7 uchrashuvning barchasini oʻz foydasiga hal qilgani, umuman oxirgi 6 oʻyinda magʻlubiyat nimaligini bilmay kelayotgani ham oʻyindagi intrigani oshiradi.

«Arsenal»ning ham oʻz muvaffaqiyat hikoyasi bor. Ikki yil avval YeChL oʻrinlarini, oʻtgan mavsum chempionlikni soʻnggi turlarda boy bergan Arteta yozgi transferlar orqali ancha salobatli kuchga aylandi. Endi Jezus safdan chiqadimi, Havertsning adaptatsiyasi ogʻir kechadimi, Partisiz oʻynashga toʻgʻri keladimi, jamoa buni uncha sezdirmayapti va chempionlik xarakteriga xos ravishda ochkolar olishni davom ettiryapti. Oʻtgan mavsum boshlaridagi peshqadamlik goʻyoki kutilmagan, yaqinda qoʻldan boy beriladigandek tuyulgan boʻlsa, bu safar jamoa ancha barqaror. «Manchester Siti»ga bu mavsumda oson boʻlmasligi tayin. Mana shu eng koʻtarinki pallada «Aston Villa» toʻsigʻidan oʻtib olish «Arsenal»ga poygada katta ustunlik berishi turgan gap. Keyingi oʻyinlar «Brayton» va «Liverpul»ga qarshi kechishini ham hisobga olsak, ochko yoʻqotish keyingi oʻyinlarga ham taʼsir qilishi mumkin. Bir muvaffaqiyatsiz oʻyin har qanday jamoada bir necha uchrashuvga muammo yaratishiga «Tottenhem» va «Manchester Siti» misolida guvoh boʻldik. Mana shunday sinovdan Arteta oʻta oladimi?

Har ikki jamoa ham oʻyinga optimalga yaqin tarkib bilan kelmoqda. Toʻgʻri, jarohatlanganlar yetarli, lekin ular yo asosiy tarkib oʻyinchisi emas, Buendia, Parti singari, ancha paytdan buyon jarohatda boʻlgani uchun jamoalar ularsiz ham natija koʻrsatishni oʻrganib olishdi. Lekin bugungi uchrashuvni Arteta zaxira oʻrindigʻida turib kuzata olmaydi, «Luton»ga qarshi oʻyin oxirida u ehtiroslarini jilovlay olmadi va soʻnggi daqiqalarda urilgan gʻalaba golidan keyin maydonga chiqib ketgani tufayli sariq kartochka olib, diskvalifikatsiyaga uchradi.

«Aston Villa» «Arsenal»ga qarshi oxirgi 4 uchrashuvni boy bergan. Ayniqsa, fevral oyida Birminghemda boʻlib oʻtgan oʻyin barchaning yodida boʻlsa kerak. Oʻshanda mezbonlar ikkinchi boʻlim oʻrtalarigacha 2:1 hisobida oldinda borishgan, avvaliga Zinchenko muvozanatni tiklagan, hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda esa Jorjinoning zarbasidan soʻng mezbonlar durangni ham saqlab qola olmagandi. Keyin qarshi hujumda Martinelli yakuniy hisobni oʻrnatgandi – 2:4. Eʼtiborlisi, Emeri shogirdlari shundan keyin hozirgacha APL doirasida uy uchrashuvlarida gʻalabali seriya (14 gʻalaba) qayd etishdi va oʻz tarixidagi rekordni takrorladi. Bu rekord yangiladimi yoki seriya yana «Arsenal»ga qarshi oʻyinda tugaydimi, bugun bilib olamiz.

«Shtutgart» – «Bayer» (10 dekabr, 19:30)
«Bayer» oʻtgan turda «Borussiya» bilan durang oʻynadi va agar «Bavariya» oʻz oʻyinini yutganida birinchi oʻrindan tushib ketishi mumkin edi. Omadni qarangki, myunxenliklarning oʻyini noqulay ob-havo tufayli qoldirildi, demak, leverkuzenliklar yana qanchadir vaqt turnir jadvalida 1-oʻrinni bermay turishi mumkin. Albatta, shu turdayoq ustunlik yoʻqolmasligi uchun qiyin safar uchrashuvidan oʻtib olish shart.

«Shtutgart» bu mavsumning haqiqiy kashfiyotlaridan biri boʻlib turibdi. «Bayer»ning hozirgi natijalarini qaysidir maʼnoda oʻtgan yilda ham taxmin qilish mumkin edi, «Shtutgart» esa faqat qoʻshimcha uchrashuvlar tufayligina Bundesligada qolgandi. Hozir jamoa nafaqat ochkolar boʻyicha 3-oʻrinda turibdi, balki urilgan gollar soni, yaratilgan xavfli vaziyatlar va yana bir qator statistik koʻrsatkichlar boʻyicha ham Bundesliganing uch yetakchi jamoasi safida. Hozirda «Shtutgart» hisobida 13 oʻyindan soʻng 30 ochko bor va «Bayer» bilan farq 5 ochkoni tashkil qiladi, xolos. Qizigʻi, jamoa oʻtgan butun mavsumda jami 33 ochko toʻplagandi. Shu turning oʻzida «Shtutgart» oʻtgan yilgi natijasini qayd etishi mumkin.

«Bavariya» va «Bayer»dan farqli ravishda «Shtutgart» yevrokuboklarda qatnashmasligi, milliy jamoalarga ketadigan futbolchilari nisbatan kamroqligi tufayli, mavsumning ayni pallasida jismoniy jihatdan ham ustunroq boʻlish ehtimoli yuqori.
Tarkiblar borasida ham mehmonlarning yoʻqotishi jiddiyroq boʻlishi kerak. Hafta oʻrtasida «Paderborn»ga qarshi kechgan kubok oʻyini «Bayer»ga qimmatga tushdi – Florian Virts 45-daqiqada jarohati tufayli almashtirildi. Xabarlarga qaraganda, u kamida bir oy muddatga safdan chiqqan. 20 yoshli futbolchi Alonso jamoasida hal qiluvchi ijrochilardan biri hisoblanadi. Mezbonlar tarkibida faqat Hiroki Itoning yoʻqligi bilinishi mumkin. Yaponiyalik himoyachi yana ikki hafta sheriklariga yordam bera olmaydi.

Ushbu turda «Bavariya» ancha kuchli «Ayntraxt» maydoniga safar qilishi, «Borussiya» esa «Leyptsig» bilan oʻynashi eʼtiborga olinsa, turnir jadvali yuqori qismida yaxshigina oʻzgarishlar uchun sharoit bor. Dastlabki 7 oʻrinni egallab turgan jamoalarning 6 tasi oʻzaro toʻqnashuvda maydonga tushadi.
«Tottenhem» – «Nyukasl» (10 dekabr, 21:30)

«Ikkala jamoa oxirgi turda bir vaqtda, boshqalardan keyinroq maydonga tushdi. Bu jamoalar mos ravishda «Vest Hem» va «Everton»ni magʻlub etib, turnir jadvalidagi vaziyatini yaxshilab olish imkoniyatiga ega edi. Ammo kutilmaganda «Tottenhem» ancha ustunlik bilan boshlangan va birinchi hisobni ochgan oʻyinida yutqazgan boʻlsa (1:2), «Nyukasl» umuman yirik hisobda magʻlub boʻldi (0:3).
Oxirgi turlar eʼtiborga olinsa, har ikki jamoa natijalari ham biroz paradoksal. Katta oʻyinlarda hammasi ajoyib, jamoa yaxshi shakllangandek tuyuladi, lekin shu fonga umuman mos kelmaydigan natijalar ham boʻlib turibdi. «Nyukasl» bilan bogʻliq vaziyat biroz tushunarli, Eddi Hau shogirdlari haqiqiy uy jamoasiga aylanib qolmoqda. Oʻz maydonida qatorasiga «Arsenal», «Chelsi» va «MYu» ustidan qozonilgan gʻalabalar orasida «Bornmut» va «Everton» kabi jamoalarga qarshi mehmonda uchralgan magʻlubiyatlar kuzatilyapti. «Nyukasl» oʻz maydonida 8 oʻyinning 7 tasini oʻz foydasiga hal qilgan, ammo safarda 7 uchrashuvdan atigi bir marta gʻalaba qozonilgan. U ham boʻlsa chempionshipdan chiqqan va liganing eng kuchsiz jamoasi boʻlib qolayotgan «Sheffild» ustidan qozonilgan 8:0 hisobidagi gʻalaba. Safardagi natijalar boʻyicha «Nyukasl» faqat toʻrt jamoadan ustun boʻlib turibdi, xolos.

«Tottenhem»ning oxirgi oʻyinlari yanada hayratlanarli. Jamoa bir uchrashuv stsenariysi ichida ham turlicha namoyon boʻlishning uddasidan chiqmoqda. «Tottenhem» juda koʻp jarohatlar girdobida qolgani sir emas, ogʻirroq taqvim boʻlganini ham inobatga olsak, oxirgi 5 oʻyindagi 1 ochkoni tushunish mumkin ham. Lekin mana shu besh oʻyinning hammasida «Tottenhem» birinchi boʻlib gol urgani, «Manchester Siti» maydonidagi jangovor durang «Vest Hem» kabi jamoadan oʻz maydonidagi magʻlubiyat bilan almashib tursa, tabiiyki, biror fikr bildirish qiyin. «Nyukasl» bilan oʻyinda har qanday natija uchun asos topish qiyin boʻlmasa kerak – magʻlubiyatlarga oʻrganib qolgan «Tottenhem», safarda umuman yutmay qoʻygan «Nyukasl»…

Oʻzaro oʻyinlardagi vaziyat ham qiziq. Oʻtgan mavsumda har ikki oʻyinda «Nyukasl» yutdi, hatto uyda 6:1 hisobi qayd etildi. Undan oldingi mavsumda esa «Tottenhem» ikki oʻyinda 6 ochko olgan, uyda 5:1 hisobida gʻalaba qozongandi. 2020/21 yillar mavsumida ikki oʻyin durang bilan yakunlangan, 2019/20 yillar mavsumida esa faqat mehmon jamoaning qoʻli baland kelgan. Shuncha maʼlumotdan keyin, tabiiyki, uchrashuv natijasini taxmin qilish juda mushkul.
Darvoqe, kelasi haftada «Nyukasl»ni YeChLda ham muhim uchrashuv kutib turibdi. Guruhdan chiqish uchun Hau shogirdlari oʻz maydonida «Milan»ni yutishi hamda parijliklar Dortmundda gʻalaba qozonmasligidan umid qilishi lozim boʻladi.
«Barselona» – «Jirona» (11 dekabrga oʻtar kechasi, 01:00)

Besh yil oldin bu jamoalar uchrashuvi navbatdagi tur oʻyini sifatida oʻtardi, endi esa la liganing asosiy intrigasiga aylandi. 16-turga kelib bu oʻyin shunchaki Kataloniya derbisi maqomidan chiqib, turnir jadvali uchun ham ahamiyat kasb etishini, buning ustiga, «Barselona» emas, «Jirona» peshqadam boʻlib turishini taxmin qilish imkonsiz edi. Endi esa Xavi shogirdlari hatto gʻalaba qozonsa ham ochkolar boʻyicha raqibiga yeta olmaydi. «Jirona» haqiqatan ham «Lester»ning yoʻlidan ketyapti. Farqi, lesterliklar koʻproq himoyaviy oʻyini yordamida gʻalabalar qozongan boʻlsa, «Jirona» aksincha, La Ligada eng koʻp gol urgan jamoa boʻlib turibdi va bir necha oʻyinlarni kambek yordamida oʻz foydasiga hal qildi.
Ayniqsa, safar oʻyinlari statistikasi kishini hayratga soladi – bu koʻrsatkich boʻyicha ham «Jirona» Ispaniyaning eng yaxshisi boʻlib turibdi. Jamoa 7 oʻyindan oltitasini oʻz foydasiga hal qilib, atigi bir marta durang oʻynagan. Oʻz uyidagi 7 uchrashuvning atigi 3 tasini gʻalaba bilan yakunlagan «Barselona» safarida ham «Jirona»ni favoritga aylantirish uchun yetarli bahona. Oʻtgan mavsum «Kamp Nou»da oʻtgan bahsda ham «Jirona» magʻlubiyatga uchramagan, oʻyin 0:0 hisobida yakuniga yetgandi. Ammo boshqa tarafdan olsak, oʻzaro oʻyinlarda, tabiiyki, «Barselona» ustun. Yuqorida tilga olingan durangdan tashqari, yana soʻnggi 5 ta oʻyindan 4 tasida «Barselona»ning qoʻli baland kelgan. Qizigʻi, oʻsha yana bir durang ham aynan «Barselona» maydonida sodir boʻlgandi – 2:2.

«Barselona» safida yoʻqotishlar maʼlum. Uzoq muddatga safdan chiqqan Gavi va ter Stegendan tashqari, Inigo Martines ham bir oy maydonga tusha olmaydigan boʻldi. Mehmonlar safida esa hammasidan ham, Yanxel Erreraning yoʻqligi koʻproq bilinsa kerak. Jamoa yetakchi yarimhimoyachilaridan biri «Valensiya»ga qarshi oʻyinning 13-daqiqasidayoq jarohat olib maydonni tark etgandi.
Boshqa oʻyinlar
9 dekabr. «Kristal Pelas» – «Liverpul» (17:30), «Ayntraxt» – «Bavariya» (19:30), «Brayton» – Byornli (20:00), «MYu» – «Bornmut» (20:00), «Atalanta» – «Milan» (22:00), «Borussiya» D – «Leyptsig» (22:30), «Inter» – «Udineze» (10 dekabrga oʻtar kechasi, 00:45), «PSJ» – «Nant» (10 dekabrga oʻtar kechasi, 01:00)
10 dekabr. «Atletiko» – «Almeriya» (18:00), «Everton» – «Chelsi» (19:00), «Luton» – «Manchester Siti» (19:00).

Mavzuga oid